Naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish orqali naqd pullarning bankdan tashqarida muomalada boʻlishini qisqartirishga erishildi, toʻlovlarni amalga oshirish jarayoni sezilarli darajada osonlashtirildi, masofaviy bank xizmatlarini koʻrsatish tizimlarining funksionali kengaytirildi.
Olib borilgan ishlar natijasida aholining bank kartalari va boshqa naqd pulsiz hisob-kitob usullariga xavfsiz va qulay toʻlov vositasi sifatida boʻlgan ishonchi oshdi. Shu bilan birga, erishilgan yutuqlarga qaramay, toʻlov tizimlarini rivojlantirish, ularning uzluksiz ishlashini taʼminlash va raqobat muhitini rivojlantirish uchun zamonaviy texnologik yechimlarni joriy qilish borasida qator kamchiliklar mavjud.
Xususan, chakana toʻlovlarni qayta ishlash boʻyicha davlat protsessing markazining mavjud emasligi milliy toʻlov tizimining xavfsizligi darajasini kamaytirmoqda, toʻlov infratuzilmasining yagona integrallashuviga erishish imkonini bermayapti hamda bir monopol tizimning mutlaq ustun boʻlishiga olib kelmoqda.
Bundan tashqari, toʻlov tizimlari operatorlarining faoliyati qonunchilik darajasida tartibga solinmaganligi ularning rivojlanishini cheklamoqda va mazkur tizimlarning ishonchli ishlashiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Toʻlovlarni amalga oshirish uzluksizligini taʼminlash, innovatsion mahsulotlarni joriy qilish, bank xizmatlarining ommabopligini taʼminlash hamda toʻlov xizmatlari bozorida raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Axborotlashtirish bosh markazi” davlat unitar korxonasi Milliy banklararo protsessing markazini (keyingi oʻrinlarda Milliy banklararo protsessing markazi deb yuritiladi) tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Milliy banklararo protsessing markazini tashkil qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
2019 yil 1 iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Milliy banklararo protsessing markazi, banklararo toʻlov tizimi va kliring markazining faoliyat yuritishi uchun maʼlumotlarni qayta ishlovchi toʻlaqonli markaz yaratilishini;
2020-yil 1-yanvarga qadar mahalliy va xalqaro bank kartalari boʻyicha hisob-kitoblarda ishtirok etuvchi banklar oʻrtasida axborot va texnologik aloqa oʻrnatishga koʻmaklashuvchi Milliy banklararo protsessing markazi ishga tushirilishini;
2020-yil 1-iyulga qadar mamlakatdagi barcha protsessing markazlarining, shu jumladan, xalqaro toʻlov tizimlarining bevosita Milliy banklararo protsessing markazining yagona shlyuzi orqali ishlashini;
bank toʻlov infratuzilmasi doimiy ravishda yaxshilanishini, bankomatlar va oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatuvchi koʻp funksiyali terminallar tarmogʻining, shu jumladan, oʻz tasarrufidagi korxona va tashkilotlarni jalb qilgan holda kengaytirilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi tijorat banklari bilan birgalikda Milliy banklararo protsessing markazi loyihasini amalga oshirish davomida mavjud protsessing markazlarining Milliy banklararo protsessing markazi bilan integratsiyalashuvini va oʻzaro xizmat koʻrsatilishini taʼminlasin.
5. Chakana toʻlov xizmatlarini koʻrsatish uchun bank tariflari banklar xarajatlari qoplanishini taʼminlash va raqobatga koʻmaklashish uchun maʼmuriy aralashuvlarsiz xalqaro tajribaga muvofiq oʻrnatilishi belgilansin.
6. Markaziy bank 2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan muddatda xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasini, shuningdek, umumeʼtirof etilgan xalqaro norma va qoidalarni chuqur oʻrganish asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
milliy toʻlov tizimining huquqiy va tashkiliy asoslari;
Markaziy bank tomonidan toʻlov xizmatlari bozorini tartibga solishni nazorat qilish, shuningdek, milliy toʻlov tizimi subyektlarini litsenziyalash tartibi;
toʻlov tizimlarida bank siri himoyasini taʼminlash xususiyatlari;
elektron pullar bilan operatsiyalarni amalga oshirish sohasida huquqiy munosabatlarni tartibga solish, shu jumladan, elektron hamyonlar egalarini identifikatsiya qilish tartibi.
7. Loyihani amalga oshirish doirasida, istisno tariqasida, Markaziy bank va “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Axborotlashtirish bosh markazi” DUKga:
Markaziy bank hududida oʻrnatilgan shaharsozlik norma va qoidalariga amal qilgan holda, qurilish va loyihalashtirishni bir vaqtning oʻzida loyihalashtirish va moliyalashtirish shartlarida amalga oshirishga;
loyihalash va pudrat tashkilotlarini, shuningdek, jihozlar, butlovchi buyumlar, texnika va texnologiyalar, ehtiyot qismlar, xomashyo va materiallarni yetkazib beruvchilarni tender (tanlov) savdolarini oʻtkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlash asosida aniqlashga ruxsat berilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B.Nurmuratov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 19-sentyabr