Futbol xabarlari

AQSH, Kanada va Meksika davlatlarida o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionatining final bosqichiga qur’a tashlash marosimi shu yilning 5 dekabr kuni AQSHdagi Jon Kennedi nomli san’at ijrochilari markazida tashkil etiladi.
Quvonarlisi, ushbu qur’ada o‘z tarixida ilk marotaba mundialga chiqqan O‘zbekiston terma jamoasi ham o‘z guruhi va undagi raqiblarini bilib oladi. Turnirning ilk o‘yini 2026 yilning 11 iyun kuni Mexikodagi “Asteka” stadionida, final o‘yini esa 19 iyul kuni o‘tkaziladi.
***
Fransiya chempionatining 2-turidan o‘rin olgan “PSJ” va “Anje” o‘rtasidagi bellashuvda parijliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi va ochkolarini 6 taga yetkazib oldi. Ushbu chempionatda bugun bir qator uchrashuvlar o‘tkaziladi.
***

Angliya Premer-ligasining 2-turini boshlab bergan “Chelsi” va “Vest Xem” jamoalari bahsi 5:1 hisobida o‘z yakuniga yetdi. Endi “Chelsi” navbatdagi uchrashuvini 30 avgust kuni “Fulxem”ga qarshi o‘tkazadi.
***
Germaniya Bundesligasining 1-turida amaldagi chempion “Bavariya” klubi “RB Leypsig” bilan o‘z maydonida raqobatlashdi. Uchrashuvda mezbonlar raqib darvozasini javobsiz olti bor ishg‘ol qildi.

Yozgi transferlar oynasida “Bavariya” safiga kelib qo‘shilgan Luis Dias chempionatdagi ilk golini urdi. Olise dubl qayd etgan bo‘lsa, Angliya terma jamoasi hujumchisi Xarri Keyn xet-trik muallifi bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA