Maqsad – yoshlarni tadbirkorlikka qiziqtirish

77

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi Yoshlar muammolarini o‘rganish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan Nukus shahrining “Yashil bog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan yoshlar dam olish maskanida seminar-trening tashkil qilindi.

Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, yosh tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni keng targ‘ib qilish, ularda biznes yuritishga bo‘lgan qiziqishni oshirish va amaliy ko‘nikmalar berishdir.

“Yosh tadbirkorlar ligasi” loyihasi doirasida o‘tkazilgan seminar-treningda “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialining mutaxassislari ishtirok etib, yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash hamda rivojlantirish bo‘yicha muhim bilim va maslahatlarni taqdim etdilar. Shuningdek, ishtirokchilarga davlat tomonidan taqdim etilayotgan grant va imtiyozlar, biznes-reja tuzish, moliyaviy savodxonlik kabi muhim mavzularda ma’lumot berildi.

–Bugungi seminar menga tadbirkorlik muhitini shakllantirish, yangi g‘oyalarimni biznesga aylantirish uchun yo‘l xaritasi bo‘ldi. Kelajakda oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan mutaxassisligim bilan birga o‘z kichik biznesimni boshlash niyatim ham paydo bo‘ldi. Buning uchun tadbir tashkilotchilaridan  minnatdorman, –deydi Albina Amangeldiyeva.

Seminar-trening davomida yosh tadbirkorlarga oid qonun loyihalari muhokama qilinib, ishtirokchilarning fikr va takliflari tinglandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri