Kiberjinoyatlardan himoyalanishning yangi tizimi yaratilmoqda(+video)
Jahonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, ayniqsa telegram, instagram, yutub va boshqa shunga o‘xshash ijtimoiy tarmoq va platforamalardan yoshu qari birdek foydalanib kelmoqda. Biroq, internetning foydali tomonlari bilan bir qatorda jamiyatimiz uchun zararli jihatlari ham yo‘q emas albatta.
Ya’ni, internet orqali jinoyat sodir etilishi va fuqarolarga zarar yetkazish holatlari qayd etilayotgani hech kimga sir emas. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, mamlakatimizda 2020–2024 yillarda kiberjinoyatlar 68 barobarga oshgan. Ya’ni, 2020 yillarda 18 turdagi jinoyatlar uchragan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich hozirga kelib 62 turdan oshdi. Jinoyat holatlari 800 tadan 58 mingtaga ko‘paydi. Ana shularni e’tiborga olgan holda Prezidentimiz tashabbusi bilan bu turdagi jinoyatlarni tezkor aniqlash, davlat va fuqarolar manfaatlarini samarali himoya qilish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Ichki ishlar vazirligi tizimida mazkur yo‘nalishda qarshi kurashuvchi faoliyat yo‘lga qo‘yildi. Bu borada qonunchilik takomillashib bormoqda. Prezidentimizning “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirish uchun huquqiy asos bo‘ldi. Bugun kiberjinoyatlardan asosiy jabr ko‘rayotgan qatlam: aholi va tadbirkorlardir. Ba’zi bir fuqarolarimizda axborot texnologiyalariga oid bilimlar yetarli emas. Qarorda ayni shu masala inobatga olinib, mas’ul davlat organlari, tashkilotlar, banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlariga kiberjinoyatlarning oldini olishga hamda aholining kibermadaniyatini yuksaltirishga qaratilgan barcha zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilanib, qat’iy javobgarlik yuklatildi.
Shuningdek, banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarining o‘z kundalik faoliyatini tashkil etishda mijozlarning manfaati va moliyaviy xavfsizligi ustuvor vazifa sifatida belgilanmoqda.
Eng muhimi, banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari kiberxavfsizlik talablariga amal qilmaganligi uchun sodir etilgan kiberjinoyat oqibatidagi moddiy zararni ular hisobidan undirish tartibi joriy etilmoqda. Bank kartalari bilan bog‘liq talon-torojliklarni barvaqt oldini olish va ularni fosh etish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida IIV Kiberxavfsizlik markazi hamda Uzkard to‘lov tizimi xodimlari bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatida kompleks targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Raqamlashtirishning yuqori sur’atlarda rivojlanishi ta’sirida jinoyatlar shakllari va uni sodir etish usullari zamonaviylashib, axborot texnologiyalari shaxsga va uning mulkiga tajovuz qilishga qaratilgan huquqbuzarliklar, shuningdek, kiberjinoyatchilikka sabab bo‘layotir.
Shu sababli hozirgi vaqtda butun dunyoda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishga huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatidagi eng ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qaralmoqda. Bunday jinoyatlarning asosiy qismini (98 foizi) bank kartalari bilan bog‘liq.
Shuning uchun dastlab Farg‘ona va keyingi tadbirlarni barcha hududlarda o‘tkazish rejalashtirildi.
Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA