Hindiston – jamoatchi muxbirlarimiz nigohida

176

Hindiston – mo‘jizaviy diyor. Qadim va o‘ziga xos tarix, milliy me’morchilik, futuristik arxitektura uyg‘unligi bu yurtni boshqa mamlakatlardan ajratib turadi. Hind zaminida o‘tmish nafasi sezilib turadigan tor ko‘chalar va zamonaviy, osmono‘par binolar yonma-yon joylashgan.

Mamlakat asrlar davomida forslar, mo‘g‘ullar, yunonlar, gollandlar, fransuzlar, portugallar va Britaniya hukmronligi ostida yashagan. Turli ellar va davrlar madaniyati ta’siri hamon sezilib turadi.

Ko‘hna Sharqning eng qadimiy davlatlaridan biri hisoblanadigan Hindiston dunyoning yetti mo‘jizasidan biri, Agradagi asl muhabbat ramzi – “Toj mahal”i bilan juda mashhur. Ayniqsa, Kashmir tog‘i ulug‘vorligi, Hind okeaniga tutash Ganga daryosi sokinligi, oq yo‘l-yo‘l chiziqli Bengal yo‘lbarsi na’rasi, Bangalorning qo‘lga o‘rgatilgan bahaybat fillari, bepoyon Assam vodiysi choy dalalari, Gujaratning peshonasiga sindur surtgan go‘zallari, Amritsarning puri, biryani, bajji nomli ziravor taomlari haqida to‘lqinlanmay gapirib bo‘lmaydi.

Bu diyorning ko‘p ming yillik tarixga ega, turli davrlarda bunyod etilgan, har biri o‘ziga xos ranglar jilosi bilan ajoyib kompozitsiya hosil qilgan me’moriy obidalari o‘tmish afsonalaridan so‘zlaydi. Ayniqsa, “Qutb minor”,  “Chorminor”, “Humoyun” maqbarasi, “Nilufar”, “Hava mahal”, “Hamandir Sohib” ibodatxonalari mukammal arxitektura uslubida bunyod etilgan.

Dehli markazidagi “India Gate” – ko‘p yillik tarixni o‘zida jo qilgan qadimiy qal’a. Telangana markazida joylashgan sirli Golkonda qal’asi esa Haydarobodning shonli o‘tmishidan guvohlik beradi. Goa, Bombey, Kalkutta, Orissa, Chennay, Kerala va Punada bunyod etilgan yuksak darajadagi arxitektura namunalarini ko‘rib, hayratingiz oshadi.

Hindlar “Xoli” bayramida dunyo go‘zallikka burkansin, degan niyatda bir-biriga rang sepadi. Mabodo o‘sha kuni Shimla tomonlarga o‘tib qolsangiz, ust-boshingiz kamalak tus oladi. “Devali” esa yorug‘lik bayrami. Ushbu ayyomda ko‘cha va uylar chirog‘i aslo o‘chmaydi. “Ganesh” va “Dasara” ayyomlari raqssiz, qo‘shiqsiz o‘tmaydi.

Hind ayollari o‘z umr yo‘ldoshini ma’buddek ko‘radi va aytgan so‘zini o‘zlari uchun bir umr qonundek qabul qiladi. Bo‘ynidagi nikoh tumorini hech qachon yechmaydi. Bayramlarda umr yo‘ldoshiga uzoq umr tilab, qo‘llariga xina chizib, Karvachot ro‘zasini tutadi.

Qayd etish kerak, O‘zbekiston – Hindiston munosabatlari tarix va madaniyat mushtarakligiga asoslangan. Asrlar davomida mamlakatlarimiz, xalqlarimiz bir-birining ma’naviy, intellektual va madaniy taraqqiyotiga o‘zaro hissa qo‘shib kelmoqda. Bugungi kunda mavjud aloqalar tarixiy ildizlardan quvvat olib, yanada rivojlanmoqda.

Madaniy aloqalar uyg‘unligi Abu Rayhon Beruniyning hind xalqi tarixi haqidagi “Hindiston”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Muxtasar yoki Risolai Aruz” kabi bebaho asarlarida aks etgan.

O‘zbekistonda hind xalqining taniqli namoyandalari – Vivekananda, Mirzo G‘olib, Robindranat Tagor, Maxatma Gandi kabi shaxslarni yaxshi bilishadi.

Umuman, mamlakatlarimiz mintaqa va jahonda tinchlik, farovonlik va barqarorlikni ta’minlash borasida mushtarak qarashlarga ega. Turli sohalardagi hamkorlik sezilarli o‘sish sur’atini namoyish etib, o‘zaro manfaatli sohalar ro‘yxati kengaymoqda. Zero, ikki davlat azaliy aloqalarni yanada yuqori darajaga ko‘tarish uchun ulkan salohiyatga ega.

O‘zA jamoatchi muxbiri tibbiyot, axborot texnologiyalari, kino sanoati, turizm yo‘nalishlarida ilg‘or davlatlar safida e’tirof etiladigan Hindistonning Dehli va Haydarobod shaharlaridan jonli fotosuratlar taqdim etdi.

O‘tkir Mirzo tayyorladi.

O‘zA