O‘zbekistonda ichki audit tizimini rivojlantirish tajribasi xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi

229

Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi. Unda yozilishicha, Jahon bankining Davlat moliyasini boshqarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik ta’lim dasturi – PEMPAL (Public Expenditure Management Peer Assisted Learning) tomonidan O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlarida ichki audit tizimini tashkil etish va rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar “muvaffaqiyatli amaliyot” sifatida e’tirof etildi.

Respublikada ichki audit faoliyatiga xalqaro standartlar, sertifikatlash va baholash kabi zamonaviy mexanizmlarni joriy etish natijasida mamlakatimizning bu sohadagi tajribasi xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak baholandi. Shu bois, mazkur amaliyot PEMPAL rasmiy veb-saytida alohida maqola sifatida chop etildi.

Qayd etish joizki, PEMPAL 2006 yil tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Yevropa va Markaziy Osiyodagi 23 mamlakat davlat moliyasini boshqarish va ichki audit sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun bilim va tajriba almashish platformasi sifatida faoliyat yuritadi. Tashkilot o‘z ishini byudjet, g‘aznachilik va ichki audit yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilgan alohida hamjamiyatlar orqali amalga oshiradi.

Shuningdek, PEMPAL tomonidan joriy yilning 25-27 mart kunlari Avstriyaning Vena shahrida “Davlat moliyasini boshqarishning kelajagi: strategik muvofiqlik va innovatsion yechimlar” mavzusida tashkil etilgan umumiy yalpi yig‘ilishda ham O‘zbekiston tajribasi ijobiy baholandi. Anjumanda O‘zbekiston, Albaniya, Gruziya va Moldova mamlakatlari zamonaviy tajribalarni samarali joriy etayotgan ilg‘or davlatlar sifatida qayd etildi.

Ahamiyatlisi, ichki auditni takomillashtirishdagi bunday xalqaro e’tirof mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalarga mos kelayotganini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, bu kelgusida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA