V Respublika “Kitobxonlik haftaligi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi (+video)

195

Bugundan “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostidagi V Respublika “Kitobxonlik haftaligi” boshlandi.

O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabr kungi “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida 2021 yildan buyon mamlakatimizda har yili aprel oyida “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkazilib kelinmoqda.

Yaxshi an’ana tusini olgan mazkur haftalikdan ko‘zlangan maqsad aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob o‘qishni keng targ‘ib etish va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan.

Bugungi ochilish marosimida “Turkiy adabiyot durdonalari” asarlar majmuasi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident va Ijod maktablariga, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati tarkibidagi Temurbeklar maktabi va Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseylarga taqdim qilindi.

Haftalik doirasida respublika bo‘yicha 1000 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, Toshkent shahridagi “Dream park” istirohat bog‘ida va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlaridagi madaniyat va istirohat bog‘larida, shuningdek, tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarida “Noshirdan kitobxonga” tamoyili asosida kitob savdo-yarmarkalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

M.Turdaliyeva, N. Abduvoitov (video), O‘zA