Xalqaro Orol turizmi haftaligi davom etmoqda

278

Avval xabar berganimizdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xalqaro Orol turizmi haftaligi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan haftalikning ikkinchi kunida Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida “Orolbo‘yining ezgu niyat elchilari” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda 180 nafardan ortiq ishtirokchi – davlat idoralari, ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy o‘quv yurtlari, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyada Orolbo‘yi ekotizimini tiklash, Orol dengizining qurigan tubidagi o‘rmonzorlarni ko‘paytirish, tuproqning sho‘rlanishini kamaytirish, suvdan oqilona foydalanish va barqaror turizmni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanovning ta’kidlashicha, 2018 yildan 2024 yilgacha 1,8 million gektar maydon ko‘kalamzorlashtirilgan. Bu asosan saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklari ekish hisobiga amalga oshirildi.

Anjuman doirasida ishtirokchilarga Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash va hududni barqaror rivojlantirishga qaratilgan ishlarga bag‘ishlangan ma’ruzalar taqdim etildi. So‘nggi yillarda eng muhim ekologik yo‘nalishlardan biri bo‘lgan Orol dengizining qurigan tubini o‘rmonzorlashtirish loyihalariga alohida e’tibor qaratildi. Ekspertlar o‘rmonzorlashtirish uchun foydalaniladigan o‘simlik turlari, ekish texnologiyalari, shuningdek, ekotizimni tiklash va mintaqa aholisining turmush sharoitini yaxshilash borasida erishilgan natijalar va ushbu tadbirlarning kelajakdagi salohiyati haqida so‘zlab berdi.

Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya aynan Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni boshqarish va barqaror rivojlanish sohasida milliy, mintaqaviy va xalqaro innovatsion tizimlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi bilimlarni tatbiq etish va fanlararo tadqiqotlarni amalga oshirishga ko‘maklashadi.

Kunning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tgan “Open-air” konsert dasturida Qoraqalpog‘istonning mashhur xonandalari va Toshkent shahridan tashrif buyurgan taniqli san’atkorlar ishtirok etdi.Tadbir davomida milliy va zamonaviy qo‘shiqlar, shuningdek, Orol mavzusidagi maxsus musiqiy kompozitsiyalar yangradi.

Orol turizmi haftaligi doirasidagi tadbirlar nafaqat mahalliy aholi, balki xorijiy sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu esa Orolbo‘yi mintaqasini yangi turizm maskani sifatida tanitishga xizmat qiladi.

Bugun, shuningdek “10000 qadam” jamoatchilik loyihasi, ko‘chat ekish aksiyasi, badminton bo‘yicha musobaqa, “Orol baliqlaridan 99 xil taom” gastronomik festivali, g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA  muxbirlari