“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalda
Davlatimiz rahbarining “Mahalla tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi farmoni asosida Xo‘jayli tumanida amalga oshirilgan ishlar natijasi bilan tanishish maqsadida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov, O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori I.Ergashev, tegishli soha vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.
Ta’kidlash joiz, hududga biriktirilgan vakil I.Ergashev tumandagi bir qator mahallalarda bo‘lib, aholining turmush tarzi bilan tanishdi. Og‘ir hududga kirgan Kun nuri mahalla, “Samanko‘l”, “Qumjiqqin” hamda “Amudaryo” ovul fuqarolar yig‘inlari aholisiga yaqindan yordam ko‘rsatildi. Jumladan, bugungi kunga qadar 100 ming dona gilos ko‘chati, 1 ming 100 donadan bel, ketmon, chelak kabi mehnat quroli, 4 dona inkubator, shu bilan birga hududlarda ekin yerlarining sifatini yanada yaxshilash maqsadida 13 dona minikultivator bepul tarqatildi.
Mahallalarda issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish yo‘nalishida har bir mahallada 100 tadan issiqxona qurish rejalashtirilgan bo‘lib, qurilish ishlari yakunlangan issiqxonalardan hudud aholisi unumli foydalanmoqda. Kollektor-drenaj, ariq-zovur bo‘ylari maxsus texnikalar bilan tozalanib, zovur qirg‘oqlarida o‘rdakchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga bo‘lib berildi.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Orolbo‘yida, shu jumladan, Xo‘jayli tumanida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qaror ijrosi doirasida amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Ushbu reja asosida eng og‘ir ahvoldagi mahallalarga respublika darajasidagi rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari biriktirildi.
Tomorqasida issiqxonalar tashkil etib, yil davomida daromad olayotgan oilalar safi kengayib bormoqda. Jumladan, “Samanko‘l” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Tursinay Bekchanovaning oilasi 8 sotix tomorqasidan yiliga 3 marta hosil olmoqda. Issiqxonada asosan ko‘kat, pomidor va bodring mahsulotlari yetishtiriladi. Shuningdek, 15 ta o‘rdak ham parvarish qilmoqda.
Tadbirda “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida mahsulot yetishtirish, yetishtirilgan mahsulotni shok usulida muzlatish va eksportga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi. Har bir mahallada mahsulotni qabul qilish punktlarini ochish zarurligi ta’kidlandi va bunga qiziqish bildirgan tadbirkorlarga tegishli yo‘l-yo‘riqlar berildi.
Seminar doirasida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi ham tashkil etilib, unda yoshlarning taklif va fikrlari tinglandi. Ular bildirgan har bir masala o‘rganilib, ijrosi nazoratga olindi. Hozirgi vaqtda 60 nafardan ziyod yigit-qizning murojaati shakllantirildi va ularni ijobiy hal etish bo‘yicha choralar belgilandi.
Shundan so‘ng, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ezgu niyatlar bilan turli ko‘chatlar ekildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA