Universitetda Navro‘z bayrami nishonlandi

128

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, milliy markazlar vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar va mehmonlar ishtirok etdi.

Bayram tadbirida universitet rektori A.Reymov yig‘ilganlarni Navro‘z umumxalq bayrami bilan oliy o‘quv yurti jamoasi nomidan samimiy muborakbod etdi. Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi M.Atamuratov so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilar va mehmonlarni, ko‘p millatli ahil xalqimizning go‘zal qadriyatlarini o‘zida mujassam etib, ota-bobolarimizdan bebaho meros asrab-avaylab kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, uning barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi, ayniqsa, oliy ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, talaba-yoshlarga yaratilgan imkoniyatlarga to‘xtaldi.

Shundan so‘ng, “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi. Unda universitetning “Hurliman” xalq ansambli, San’atshunoslik fakulteti talabalari, shuningdek, madaniyat xodimlari tomonidan turli millatlarning milliy urf-odatlari, an’analari aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari, qo‘shiqlar, raqslar ijro etilib, millatlararo totuvlikni tarannum etuvchi, shu bilan birga, mumtoz qo‘shiqlar ijro etildi va yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Bayram sayillari doirasida talabalar tomonidan yaratilgan milliy liboslar, hunarmandchilik namunalari, rasmlar ko‘rgazmalari, turli millat vakillarining urf-odatlari, milliy o‘yinlar, sport musobaqalari bayram ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA