14 ta yangi zamonaviy “Airbus” samolyotini xarid qilish, yana 5 tasini ijaraga olishga kelishildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Xorijiy turistlar sonini oshirish masalasi ko‘rib chiqilar ekan, “BBC”, “Euronews” kabi nufuzli platformalarda, yana 20 dan ortiq xalqaro ko‘rgazmalarda turizm keng targ‘ibot qilinayotgani ta’kidlandi.
Bu borada elchilarimiz ishtirokida boshqa davlatlarda ham targ‘ibot ishlarini faollashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Xitoyning eng olis provinsiyalari, Gonkongdan ham sayyohlar kelishni boshladi. Yoki, Polshaga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani uchun ushbu mamlakatdan sayyohlar 7 karra oshdi, butun Sharqiy Yevropadan turist olib kelish imkoni paydo bo‘ldi.
Fransiyaga tashrifda 14 ta yangi zamonaviy “Airbus” samolyotini xarid qilish, yana 5 tasini ijaraga olishga kelishildi, “Boeing” kompaniyasi bilan 12 ta samolyot olib kelish bo‘yicha muzokara boshlandi.
Mutasaddi vazirlik va idoralarga bu imkoniyatdan unumli foydalanib, qayerga nechta reys qo‘yish va qancha sayyoh olib kelishni hozirdan hisob-kitob qilish topshirildi.
O‘zA