Eldor Shomurodov yana “Roma”ni qutqardi

157

Futbol bo‘yicha Italiya A Seriyasining 31-turida Klaudio Raneri boshchiligidagi “Roma“ klubi o‘z maydonida “Yuventus“ jamoasiga qarshi bahs olib bordi va 1:1 hisobida durang qayd etdi.

Mazkur uchrashuvning 40-daqiqasida “Yuventus” vakili Manuel Lokatelli gol urib, jamoasini oldinga olib chiqdi va birinchi bo‘lim 1:0 hisobida yakunlandi. “Roma” murabbiyi Klaudio Raneri tanaffusda o‘yin taktikasini o‘zgartirishga qaror qildi va maydonga hamyurtimiz Eldor Shomurodovni tushirdi.

Albatta, bu qaror kutilganidek o‘zini oqladi. Gap shundaki, O‘zbekiston Milliy terma jamoasi a’zosi Eldor Shomurodov maydonga tushganidan 3 daqiqa o‘tib, aniqrog‘i, 49-daqiqada “Yuventus” darvozasini ishg‘ol qildi hamda jamoasini mag‘lubiyatdan qutqardi.

Ushbu harakatlardan kelib chiqib, “Sofascore” Eldor Shomurodovga 7.2 ball qo‘ygan bo‘lsa, “Fotmob” portali futbolchimizni 7.3, “Flash score” nashri esa 7.4 ball bilan baholadi.

Eslatib o‘tamiz, hozirda “Roma” 53 ochko bilan jadvalda yettinchi pog‘onada bormoqda. Jamoa 13 aprel kuni 32-tur doirasida “Latsio” klubiga qarshi maydonga tushadi.

“Roma” va “Yuventus” o‘yinidan keyin Eldor Shomurodov “DAZN” telekanaliga quyidagicha intervyu berdi:

— Zaxiradan maydonga tushishdan oldin murabbiy Raneri menga Dovbikka yordam berishimni aytdi. Ikkinchi bo‘lim yaxshi boshlandi, afsuski, g‘alaba qozona olmadik. Biz ikkinchi golni urish imkoniga ega bo‘lgan edik. Albatta, natijadan va gol urganimdan xursandman. Ammo agar dubl qila olganimda, bu yanada yaxshi bo‘lar edi.

Ma’lumot o‘rnida: Eldor Shomurodov joriy mavsumda “Roma” safida A Seriya, Italiya kubogi va Yevropa ligasida jami o‘ttizda uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini 6 marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga 3 golli pas uzatdi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA