Tibbiy yordam ko‘rsatuvchi robot taqdim etildi (+video)

141

Xitoyning Poseidon kompaniyasi ekstremal sharoitlarda ishlay oladigan va jabrlanganlarga avtomatik tarzda tibbiy yordam ko‘rsata oladigan dunyodagi birinchi qutqaruv robotini ishlab chiqdi.

U maxsus oyoqlar, g‘ildiraklar yoki zanjirli harakatlanish tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, ular orqali zinapoya, qiyalik va notekis yuzalar kabi qiyin to‘siqlarni yengib o‘tishga qodir. Bunday murakkab va eng kerakli funksiyalarga ega robot favqulodda vaziyatlarda shoshilinch holatlarda tez tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini beradi.

Ishlab chiquvchilarning so‘zlariga ko‘ra, robot quyidagi sohalarda katta talabga ega bo‘ladi:

– tabiiy ofatlar paytidagi qutqaruv operatsiyalarida;

– harbiy sharoitlarda (jang maydonidan yaradorlarni olib chiqishda);

– murakkab sanoat va shahar avariyalarida;

– shifoxonagacha bo‘lgan masofada va shifoxona ichidagi tibbiy yordam

Mutaxassislarning fikricha, ushbu yangi texnologiya tez tibbiy yordam sohasida «moddiy shaklga ega sun’iy intellekt» vazifasini bajaradi. An’anaviy qutqaruv usullari vaqt va ko‘plab mutaxassislarni talab qilsa, bu robot mustaqil ravishda tez va aniq harakat qila oladi.

Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA