Taxtako‘pirda gastronomik ko‘cha foydalanishga topshirildi

Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Taxtako‘pir tumani “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 24/7 tizimda xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy ko‘rinishdagi “Do‘stlik guzari” gastronomik ko‘cha qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar butun mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan Navro‘z bayrami hamda tuman ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shib turgan zamonaviy xizmat ko‘rsatish maskanlarining foydalanishga topshirilishi bilan qutladi.

Ta’kidlash joizki, ko‘chani zamonaviy ko‘rinishga keltirishda aksiyadorlik-tijorat “Agrobank” homiyligi hisobidan ikki milliard so‘m mablag‘ ajratilib, “Reverstroy” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan qurilish ishlari olib borildi.
Bu maskanda 12 ta oziq-ovqat va go‘sht mahsulotlarini sotish, 3 ta go‘zallik saloni va sartaroshxona, 2 ta ovqatlanish joyi va 6 ta boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha jami 23 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri