Endi jarima ballari 12 balldan oshsa, haydovchi “prava“dan mahrum bo‘ladi

Kuni kecha “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.
Unga ko‘ra:
– avtomototransport vositalari va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini yoki identifikatsiya raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlaganlik, o‘tkazganlik yoki ulardan foydalanganlik, shuningdek, ularni qalbakilashtirganlik uchun;
– avtomototransport vositalari, shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini va traktorchi-mashinistlarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash, shuningdek, imtihonlar o‘tkazish va guvohnomalar berish tartibini buzganlik uchun;
– transport vositasini mastlik holatida boshqarganlik yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlik uchun;
– transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik uchun;
– siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Qonun bilan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi:
– yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun.
Bunda, belgilangan huquqbuzarliklar sodir etilganligi uchun transport vositasining haydovchisiga nisbatan mazkur huquqbuzarliklarda nazarda tutilgan asosiy jazo bilan birga jarima ballari hisoblanadi. Sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun hisoblanadigan jarima ballining eng yuqori miqdori 2 balldan oshmasligi kerak.
Jarima ballari belgilangan huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan e’tiboran bir yil davomida hisoblab boriladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun hisoblangan jarima ballari bir yil o‘tgach transport vositasining haydovchisidan avtomatlashtirilgan tarzda yechiladi.
Hisoblangan jarima ballari bir yil davomida 12 balldan oshgan hollarda, oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun belgilangan tartibda qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Bunday huquqdan mahrum qilish muddati 6 oydan kam bo‘lmasligi belgilandi.
Shuningdek:
– siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan oydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun;
– transport vositasida odam tashish qoidalarini buzganlik uchun,
– transport vositalarini quvib o‘tish qoidalarini buzganlik uchun;
– yo‘l bezoriligi uchun, Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA