Teatrlar bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Nukus shahar hokimligi vakillarining o‘quvchi-yoshlar, ularning ota-onalari hamda ustozlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarning madaniy saviyasini oshirish, milliy va umumbashariy madaniyatning eng yaxshi namunalaridan bahramand bo‘lishini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli va samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratilayotgani haqida so‘z yuritildi.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 22 noyabrdagi “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda teatr san’atini yanada rivojlantirish, teatrlar faoliyatini takomillashtirish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, spektakllarning badiiy saviyasini oshirishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Qarorda aholi, ayniqsa, yoshlar ishtirokida “Mahalla yettiligi” a’zolari bilan birgalikda har oyda mahallalarda “Teatr kuni” tadbirlari o‘tkazish, bunda ijodiy uchrashuvlar va teatrlashtirilgan kompozitsiya namoyishlari yoki teatrlarga tashriflar tashkil etish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat teatrlarining spektakllariga bepul kirishi belgilandi.
Nukus shahar hokimligi tashabbusi bilan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri hamda Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Undan ko‘zlangan maqsad, yoshlarni teatrlarga qamrab olish va spektakllar tomoshasini tashkil etish orqali ularning ma’naviy va intellektual jihatdan rivojlanishi, ona Vatanga bo‘lgan muhabbatini oshirish, oila, ota-onaning qadriga yetishini ta’minlashdan iborat.
Tadbirda ishtirok etgan Nukus shahridagi barcha umumta’lim maktablarining 10-11-sinflar o‘quvchilari, ularning ota-onalari va ustozlari e’tiboriga S.Uzoqboyev va P.O‘teniyazov asari asosida sahnalashtirilgan “Farzand tashvishi” spektakli namoyish etildi.
Yil davomida haftaning shanba kuni o‘quvchi-yoshlarning teatrlarga tashrifi tashkil etiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA