Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Taʻkidlash lozimki, mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini isloh qilish doirasida iqtisodiy va moliyaviy statistika maʻlumotlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va byudjet jarayoni ochiqligini oshirishning yangi mexanizmlarini joriy etish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, byudjet maʻlumotlarining ochiqligi va sifati, ularni xorijiy investorlarga va boshqa manfaatdor subyektlarga yetkazish, shuningdek, parlament vakillari va fuqarolik jamiyatining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetini (keyingi oʻrinlarda Davlat byudjeti deb yuritiladi) shakllantirish va ijro etish jarayonidagi ishtiroki darajasi yetarli emas.
Byudjet maʻlumotlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablagʻlarining shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. Davlat byudjetini shakllantirish va ijro etishning shunday tartibi oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
2019-yildan boshlab byudjet mablagʻlarini taqsimlashda fuqarolar ishtirokining tuman (shahar)lar byudjetlari qoʻshimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirishni nazarda tutadigan mexanizmi joriy etiladi;
2020-yildan boshlab Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari axborotlar batafsil bayon etilgan, ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlangan qonun bilan tasdiqlanadi;
Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari loyihalari, shuningdek, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga taqdim etilishidan oldin majburiy jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilishi shart;
Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari loyihalari hamda ularning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashri jamoatchilik muhokamasi uchun eʻlon qilinadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari loyihalari, shuningdek, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot yuzasidan tashqi audit va baholash natijalari boʻyicha xulosalari majburiy eʻlon qilinadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvarga qadar quyidagilarni nazarda tutadigan “Ochiq byudjet” axborot portalining (keyingi oʻrinlarda – Portal) ishga tushirilishini va faoliyat yuritishini taʻminlasin:
Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari loyihalari, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosalarini joylashtirish orqali byudjet xarajatlarining manzilliligi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
jamoatchilik fikrini shakllantirish uchun tuman (shahar)lar byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan moliyalashtirilish taklif etilayotgan tadbirlar toʻgʻrisidagi axborotni joylashtirish;
byudjet qonunchiligini buzish holatlari toʻgʻrisida xabardor qilish va byudjet jarayonini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish imkoniyatini oʻz ichiga olgan fuqarolar bilan qayta aloqani tashkil etish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari loyihalari, shuningdek, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni koʻrib chiqishda fuqarolarning Portal orqali kelib tushgan fikr va takliflarini tahlil qilish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda 2019-yil 1-iyulga qadar muddatda Xalqaro valyuta jamgʻarmasining 2014yilgi davlat moliya statistikasi boʻyicha qoʻllanmasiga muvofiq ishlab chiqilgan yangilangan byudjet tasnifini tasdiqlasin;
bir oy muddatda byudjet hisobi tartibini Davlat sektorida xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (IPSAS) uygʻunlashtirish boʻyicha 2019-2020 yillarga moʻljallangan tadbirlar rejasini tasdiqlasin;
byudjet shaffofligi boʻyicha xalqaro reytingda yetakchi oʻrinlarni egallab turgan ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida Portalni doimiy qoʻllab-quvvatlashni taʻminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Jahon banki tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida davlat moliyasini boshqarish samaradorligini Jahon bankining davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik mezonlari boʻyicha baholashdan oʻtkazish choralarini koʻrsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining Byudjet ochiqligi indeksi boʻyicha reytingga erishishi, jumladan, Portalning yaratilishi yuzasidan zarur tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, byudjet shaffofligini baholash uchun xalqaro moliya institutlarining ekspertlari va texnik koʻmagi jalb etilishini taʻminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ikki hafta muddatda baholashni oʻtkazish muddatini belgilagan holda davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlikni Jahon banki mezonlari asosida baholashni taʻminlash boʻyicha ishchi guruh tarkibini tasdiqlasin;
2018-yil 1-oktyabrga qadar Portalga joylashtiriladigan maʻlumotlar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalar toʻgʻrisidagi maʻlumotlarning roʻyxatini va ularni joylashtirish muddatlarini tasdiqlasin;
2019-yil 1-martga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatiga ushbu qaror talablariga muvofiq qonun bilan tasdiqlanadigan 2020 yilga moʻljallangan Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari loyihalarining shakllarini kelishish uchun kiritsin;
2019-yil 1-mayga qadar Oʻzbekiston Respublikasining 2020 yildan boshlab Xalqaro byudjet hamjamiyatining Byudjet ochiqligi indeksida ishtirok etishini taʻminlash uchun “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
tuman (shahar)lar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan mahalliy byudjetlar parametrlari va ijrosi haqidagi hisobotlarning koʻrib chiqilishi va tasdiqlanishi jarayonining ommaviy axborot vositalarida har tomonlama yoritilishini;
tuman (shahar)lar mahalliy byudjetlari qoʻshimcha manbalaridan kamida 10 foizining Portal orqali jamoatchilik fikri asosida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishini taʻminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasida 5 ta shtat birligidan iborat Davlat moliyaviy statistikasini yuritish va byudjet ochiqligini taʻminlash boʻlimi tashkil etilsin hamda uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
davlat moliyaviy statistikasini takomillashtirish va byudjet shaffofligini taʻminlash sohasida islohotlarni amalga oshirish;
byudjet jarayoni va byudjet maʻlumotlarining shaffofligini, xorijiy investorlar va boshqa manfaatdor subyektlarning ulardan foydalanish imkoniyatini, byudjet jarayoniga fuqarolarning jalb etilishini, shuningdek, “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashrining eʻlon qilinishini taʻminlash;
Portalni axborot, uslubiy, texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash va boshqarish.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
uch oy muddatda Moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti tomonidan aholi oʻrtasida uning byudjet savodxonligi va byudjetning ochiqligi darajasini oʻrganishga qaratilgan tegishli soʻrovlar oʻtkazilishini taʻminlasin;
soʻrovlar natijalariga koʻra, Jahon bankining uslubiyotiga muvofiq aholining byudjet savodxonligini oshirish ishlarini amalga oshirish uchun texnik koʻmak jalb etilishini, shuningdek, loyiha doirasida umumtaʻlim maktablari uchun oila byudjeti va davlat byudjeti boʻyicha oʻquv qoʻllanmalar yaratilishini taʻminlasin;
boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2018 yil 22 avgust