Saudiya Trampga javob qaytardi

259

Falastin mustaqil davlat sifatida tuzilmas ekan, Saudiya Arabistoni Isroil bilan hech qanday aloqa o‘rnatmaydi. “Reuters” axborot agentligi yozishicha, ayni mazmundagi bayonot Prezident Donald Tramp AQSH G‘azo sektorini o‘z qo‘liga olmoqchiligini aytgandan so‘ng yangragan.

Kecha Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan qo‘shma matbuot anjumanida qatnashgan Tramp Qo‘shma Shtatlar urushdan vayron bo‘lgan hududni falastinliklar boshqa joyga ko‘chirilgandan so‘ng egallab olishini va hududni iqtisodiy jihatdan rivojlantirishini aytdi.

Saudiya Tashqi ishlar vazirligi bugun bergan bayonotida mamlakat falastinliklarni o‘z tuprog‘idan siqib chiqarishga qaratilgan har qanday urinishni rad etishi va ushbu mavzuda mutlaqo muzokara olib bormasligini ma’lum qildi.

Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon podshohlikning hech qanday sharoitda talqin qilishga yo‘l qo‘yilmaydigan qarashini “aniq va ravshan tarzda” tasdiqladi, deyilgan rasmiy hujjatda.

Falastin xalqini ko‘chirish taklifi barcha arab davlatlari uchun juda nozik masala. Saudiyaning Yaqin Sharqdagi siyosati haqida gap ketganda esa Tramp ham, Isroil ham o‘ylanib qolishi aniq. Amerika Qo‘shma Shtatlari mazkur qudratli va nufuzli arab davlatining Isroil bilan aloqani me’yoriga keltirishi va mamlakatni tan olishi uchun bir necha oy diplomatiya olib borgan. Afsuski, 2023 yil oktyabr oyida boshlangan urush bu masalani butunlay to‘xtatib qo‘ygan edi.

Musulmon Ziyo, O‘zA