Nodirbek Abdusattorovga “Tata Steel Chess-2025” turnirining bronza medali nasib etdi

293

Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat bo‘yicha 13 ta turdan iborat “Tata Steel Chess-2025” turnirining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.

O‘n yetti kun davomida kechgan shiddatli “aql janglari” dunyo shaxmat ishqibozlariga bir olam zavq bag‘ishladi.

“Masters” guruhida g‘oliblikka asosiy da’vogar Gukesh Dommaraju 13-turda oq donalarda harakatlanishiga qaramasdan Arjun Erigaisiga yutqazib qo‘ydi. Xuddi shuningdek, hamyurti Rameshbabu Praggnanandxa qora donalarda Vinsent Keymerga qarshilik ko‘rsatdi. 7 soatga yaqin vaqt davom etgan bahsda germaniyalik shaxmatchi Praggnanandxani 80-yurish holatida taslim etdi.

Ayni natija Gukesh va Praggnanandxadan birini chempionlik da’vosidan mahrum etishi mumkin ediki, buning uchun hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov so‘nggi 13-turda hindistonlik Pentala Xarikrishnani mag‘lub etishi lozim edi.

Biroq, biz kutgan natija qayd etilmadi. Abdusattorov oq donalarda harakatlanishiga qaramay hind shaxmatchisi bilan uchrashuvi durang holatida yakunlandi. O‘yinning 38-yurish vaziyatida tub burilish Nodirbekka mag‘lubiyatga teng murosa yo‘lini keltirib chiqardi.

Oqibatda g‘oliblik uchun tay-brekda Gukesh Dommaraju – Rameshbabu Praggnanandxa ro‘baro‘ keldi. 3 partiyadan iborat tay-brekda avvaliga amaldagi jahon chempioni ustunlikka erishdi. Lekin keyingi 2 ta partiyada Praggnanandxaning omadi kulib boqdi.

Shu tarzda “Tata Steel Chess-2025”ning bu yilgi g‘olibligi Rameshbabu Praggnanandxaga, 2-o‘rin Gukesh Dommarajuga, 3-o‘rin Nodirbek Abdusattorovga nasib etdi.

13-turning qolgan uchrashuvlari: Anish Giri – Yorden van Forest-0,5:0,5, Vladimir Fedoseyev – Vey I-0,5:0,5, Fabiano Karuana – Maks Varmerdam-0:1, Aleksey Sarana – Leon Lyuk Mendonka-0,5:0,5 ko‘rinishida yakunlandi.

“Tata Steel Chess-2025” turnirining bosh direktori Piter Leko o‘tkazilgan o‘yinlar, shaxmatchilarning natijasi to‘g‘risida so‘z yuritdi. Nodirbek Abdusattorovning uch yildan beri dunyoning eng yetakchi shaxmatchilaridan biri sifatida turnirga o‘zgacha shukuh bag‘ishlayotganini ta’kidladi.

“Chellenjer“ guruhida dona surgan hamyurtimiz Nodirbek Yoqubboyev 12-turda bo‘lgani singari g‘alabaga erishdi. 13 turda qora donalarda harakatlangan Yoqubboyev xitoylik Lu Myaoni taslim qildi va musobaqani 8 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga 4-o‘rinda yakunladi.

Ushbu guruhda chexiyalik Tay Day Van Nguyen 13 imkoniyatdan 9.5 ochko jamg‘arib, g‘oliblikni tantana qilgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarni ozarbayjonlik Aydin Suleymanli, niderlandiyalik Ervin L’Ami qo‘lga kiritdi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA