Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ayrim tuman hokimlari investitsiya va eksport masalasini o‘z holiga tashlab qo‘ygani qayd etildi.

O‘tgan yili Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Peshku, Yangiobod, Qamashi, Xonqa, Shovot tumanlarida investitsiya 15 million dollarga ham yetmadi. Romitan, Dehqonobod, Mirishkor, Chiroqchi, Narpay, Nurobod  va Guliston tumanlari, Ohangaron shahrida eksport kamaygan.

Ushbu 16 ta tuman va shahar hokimlariga hayfsan e’lon qilindi.

Hududida ivestitsiyalarni jalb qilish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlardagi faoliyatda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev lavozimidan ozod etildi.

Endilikda investitsiya bo‘yicha yangi nazorat tizimi bo‘lishi belgilandi.

Bunda Bosh vazir bu yilgi 42 milliard dollar xorijiy investitsiya bo‘yicha oyma-oy rejani tasdiqlaydi, viloyat, shahar va tuman hokimlari, tarmoq rahbarlari haftada ikki kun investitsiya bilan shug‘ullanadi.

Mutasaddilar tinmay hududlarga borishi, tadbirkorlar bilan uchrashishi, masalasini joyida hal qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zA