Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jonli ijro san’atini yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan Madaniyat vazirligining jonli ijro san’atini rivojlantirish, san’atkor, ijodkor hamda ijrochilarni qo‘llab – quvvatlashga oid bir qator vakolatlari belgilanmoqda.
Qonun bilan tadbirlar tashkil etish va o‘tkazishda jonli ijro yoki fonogrammadan foydalanish shakli va darajasini aniq belgilash, ijrochilar tomonidan fonogramma va mualliflik asarlaridan foydalanish bo‘yicha amaldagi qonunchilikka rioya etishlarini monitoring qilish hamda milliy san’at va madaniyat nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, fonogrammadan foydalanish darajasi haqida axborot berish tartibi, konsert-tomosha tadbirining dasturida ijrochilar va asar mualliflari aniq ko‘rsatilishi shart ekani hamda konsert-tomosha tadbiri reklamasida fonogrammadan foydalanish darajasi to‘g‘risidagi axborot umumiy reklama maydonining (sathining) kamida o‘n foizini tashkil etishi to‘g‘risidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Konsert-tomosha tadbirlarida musiqali va boshqa asarlarni ijro etishda fonogrammadan foydalanish darajasiga qarab ijrochilar tomonidan ijro qilish usullari belgilanmoqda.
Ushbu qonunning qabul qilinishi konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish samaradorligini oshirish, jonli ijro san’atini rivojlantirish, iste’dodli ijrochilarni qo‘llab-quvvatlash, jonli ijroni rag‘batlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA