Amerikalik tadbirkor Ilon Maskning faoliyati bilan shug‘ullanuvchi biograf Set Abramson milliarderning ruhiyati muttasil zaiflashayotganini va u AQSH uchun xavfli bo‘lib borayotganini ta’kidlamoqda, deb yozdi “The Daily Beast” nashri.
– Mask aqldan ozganiga jiddiy ishonaman. Uning biografi sifatida so‘nggi ikki yil davomida uning xatti-harakatlarini internetda muntazam kuzatib boraman. Fikrimcha, Maskning o‘zi ruhiy kasalliklar, giyohvand moddalarni iste’mol qilish va haddan ortiq stress ta’siriga tushishini tan olishini hisobga olsak, hozirda uning xasta ekanligidan qo‘rqish uchun asos bor, -deya Abramsonning so‘zlarini iqtibos qilib keltiradi nashr.
Biografning so‘zlariga ko‘ra, Maskning go‘yoki ruhiy beqarorligi nafaqat iqtisodiy sohada, balki siyosatdagi ta’siri tufayli Amerika jamiyatini xavf ostiga qo‘ymoqda. Yana uning ta’kidlashicha, AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati o‘z faoliyatining so‘nggi ikki haftasi davomida favqulodda choralar ko‘rishi kerak. U mamlakatni Maskning “hukmronligi” oqibatlaridan himoya qilish zarur, deydi.
Shuningdek, muallif AQSH rasmiylarini Mask bilan tuzilgan barcha shartnomalarni bekor qilishga, u tomonidan ilgari surilgan hukumat samaradorligi departamenti tashkil etilishiga to‘sqinlik qilishga va milliy xavfsizlikka tahdid bo‘lgan hollarda milliarderga qarshi federal tergov o‘tkazishga chaqirdi.
Mask yillar davomida siyosiy faollikni oshirib bordi. U o‘zining “X” ijtimoiy tarmog‘ida muntazam ravishda Amerika siyosatiga oid masalalarni sharhlab boradi. Shu bilan birga, milliarder avval ham demokratlarni, ham respublikachilarni birdek ochiq tanqid qilib, hech bir partiyani qo‘llab-quvvatlamasligini aytib kelgandi. Ammo vaqt o‘tishi bilan o‘zining qarashlar borgan sari o‘zgarib bordi. 2024 yilda u Respublikachilar partiyasini qo‘llab-quvvatlashini ochiq e’lon qildi.
S.Rahimov, O‘zA