O‘zbekiston Markaziy banki oltin-valyuta zaxiralarining 2025 yil 1 yanvar holatiga qoldig‘i yuzasidan ma’lumotlarni e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, 2024 yil davomida rasmiy zaxiralarning umumiy miqdori 34,56 milliard dollardan 41,18 milliard dollarga yoki 19,1 foizga oshgan.

Yil davomida oltinning fizik hajmi qariyb 360 ming troy unsiyaga, uning qiymati esa 7 milliard 404,52 million dollarga oshgan. Shuningdek, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar qiymati ma’lumot ochiqlanishni boshlagan davrdan (2024 yil iyun) beri 66,7 million dollarga yoki 190,5 foizga oshib, 101,7 million dollarga yetdi.

2024 yilda oltin narxlarining maksimal oshishi hisobiga O‘zbekistonning xalqaro zaxiralarida rekord darajalik o‘sish kuzatildi. Jumladan, o‘tgan yilning noyabr oyida mamlakat rasmiy zaxira aktivlari yil boshiga nisbatan 24,8 foizga oshib, 43 milliard 139,1 million dollarni tashkil qildi.

AQSHda prezidentlik saylovlari yakunlangandan keyin oltin narxlari pasayishni boshlab, bu holat O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralariga ham ta’sirini ko‘rsatdi.

O‘zbekiston Respublikasi yalpi xalqaro zaxiralari 2024 yilning dekabr oyida 290 million dollarga kamaydi. Xususan, oy davomida oltin narxining 2664,30 dollardan 2610,85 dollargacha kamayishi ta’siri – 656 million dollarni tashkil etdi.

Oltin narxlari pasayishni boshlagan davrdan buyon O‘zbekiston zaxira aktivlari ketma-ket 2 oy kamayishda davom etmoqda. Xususan, noyabrda mazkur tafovut -1 671,5 million dollar, dekabr oyi yakuni bo‘yicha esa – 290,2 million dollarni tashkil qildi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA