Hindistonning Lakxnau shahrida U-18 o‘smirlar va U-20 yoshlar jamoalari o‘rtasidagi Xalqaro gandbol federatsiyasi kubogining Osiyo qit’asi bosqichi musobaqalarida O‘zbekiston jamoalari har jihatdan muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Murosasiz bahslarga boy bo‘lgan musobaqaning finalida O‘zbekiston U-18 jamoasi Hindiston U-18 termasi bilan ro‘baro‘ keldi. Qiziqarli o‘yinda o‘smirlarimiz mezbonlarni ayab o‘tirmadi. G‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etgan jamoamiz birinchi bo‘limda 25:13 hisobida g‘alabaga erishgan bo‘lsa, umumiy hisobda 47:23 ko‘rinishida g‘alabani tantana qildi.

Ushbu muvaffaqiyat O‘zbekiston U-18 jamoasiga nafaqat Osiyo bosqichi chempionligini, qolaversa Xalqaro gandbol federatsiyasi kubogining qit’alararo bosqichiga yo‘llanmani ham tuhfa qildi.

O‘smir gandbolchilarimizning yutug‘idan ruhiy quvvat olgan yoshlarimiz final o‘yinida Qozog‘iston U-20 jamoasini ishonchli tarzda mag‘lubiyatga uchratdi. Birinchi bo‘limda 17:6 hisobida zafar quchgan jamoamiz, umumiy hisobda 38:18 natijasida o‘z ustunliklarini ta’minladi.

Musobaqaning taqdirlash marosimida O‘zbekiston U-18 va O‘zbekiston U-20 jamoasi a’zolariga oltin medallar va turnir kubogi taqdim etildi.

Aytish lozim, gandbolchilarimiz musobaqa davomida 5 tadan uchrashuv o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozondi. U-18 yosh toifasida 2-o‘rin Hindiston, 3-o‘rin Qozog‘iston vakillariga tegishli bo‘ldi.

U-20 bahslarida esa kumush medallariga Qozog‘iston terma jamoasi, bronza medallariga hindistonlik gandbolchilar ega chiqdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA