“Renessans” kino uyida “Oltin humo-2024” Milliy kinotaqdimoti marosimini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, O‘zbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov, O‘zbekiston Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonov va respublikadagi davlat va nodavlat tele va radio kanallarning muxbir va jurnalistlari, bosma nashrlar vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.

Anjumanda 2024 yil davomida Kinematografiya sohasida amalga oshirilgan islohotlar, ishlab chiqarilgan yangi filmlar va ularning taqdimotlari haqida so‘z yuritildi.

“Oltin humo” Milliy kinotaqdimoti kinematografiya sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha 2024 yilda eng samarali mehnat qilgan ijodkorlarni aniqlashda, ularning faoliyatini xalqimizga yanada yaqinroq tanishtirishda alohida ahamiyat kasb etishi bilan diqqatga sazovor.

Shundan so‘ng, jurnalistlar “Oltin humo-2024” Milliy kinotaqdimoti va unga qo‘yilgan nominatsiya va nominantlar, marosimning o‘ziga xos xususiyatlari va mazkur mukofotning mahalliy kino san’atini rivojlantirishdagi ahamiyati haqida ma’lumot oldilar.

“Oltin humo-2024” Milliy kinotaqdimoti joriy yilning 26 dekabr kuni O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

N.Usmonova, O‘zA