Davlatimiz rahbari tomonidan bundan uch yil muqaddam imzolangan “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan har yili belgilangan muddatlarda aholi, o‘quv muassasalari, tashkilot va idora xodimlari o‘rtasida sport sinovlari o‘tkazilib kelinmoqda.

Aytish lozim, jismoniy tayyorgarlik darajasi xalqimiz salomatligini mustahkamlash mezoni sanalibgina qolmay, har bir inson salomatligini baholashda, aholining barkamolligini ta’minlashda, monitoring qilishda, milliy genofondimizni tizimli tarzda sog‘lomlashtirishda muhim ahamiyatga egaki, bu, erishilayotgan ko‘rsatkichlarda o‘z aksini topib kelmoqda.

Sport sinovlarining yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, uni muvaffaqiyatli topshirganlar “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishoni hamda g‘oliblar I, II, va III darajali diplomlar bilan taqdirlanmoqda.

Sport vazirligida joriy yil davomida respublika tashkilotlari va muassasalarida sport sinovlarining maxsus talablarini muvaffaqiyatli topshirgan bir guruh xodimlarni taqdirlash tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda ishtirok etgan sport vaziri Adham Ikromov aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida yurtimizda o‘tkazib kelinayotgan ommaviy tadbirlar qatorida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi”ni aniqlashga qaratilgan ommaviy musobaqalar katta ahamiyatga egaligiga to‘xtaldi.

Sport sinovlari ixtiyoriy va maxsus talablar asosida 11 ta yosh toifasidagi guruhlarga bo‘lingan holda tashkil etilgani, joylarda tadbirlar bayramona uyushtirilgani, bu odamlar orasida sog‘lom turmush tarziga ko‘nikmani shakllantirishga xizmat qilayotganini e’tirof etdi.

Joriy yilgi ommaviy sport sinovlari musobaqalari qamrovi yanada ortgani mamlakatimizda salomatligiga befarq bo‘lmayotganlar safining ortishi sababli ekanini keltirib o‘tdi.

Darhaqiqat, millat salomatligini mustahkamlashga qaratilgan ushbu xayrli tadbir kelgusida yanada keng quloch yoyishi shubhasiz.

Raqamlarga e’tibor qaratilsa, joriy yilda aholining 11,1 million nafari, shundan 4,6 million nafar ayollar ommaviy sportga jalb qilinib, ushbu ko‘rsatkich jami aholining 29,8 foizini tashkil etdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA