Mamlakatimiz sportchilarini 2028 yil Los-Anjeles shahrida o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorlashda sport federatsiyalarida amalga oshiriladigan ishlar, ishlab chiqiladigan dasturlar, manfaatli xalqaro hamkorlik aloqalari muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda, Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, tegishli tashkilotlar tomonidan o‘tgan davr mobaynida Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlarining umumiy holati tahlil etildi. Zarur vazifalar belgilanishi yuzasidan aniq dasturlar ishlab chiqildi.
Milliy olimpiya qo‘mitasida o‘tkazilgan O‘zbekiston o‘q otish va suzish federatsiyalarining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyalarida shu haqda so‘z bordi.
Dastlab O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasi yig‘ilishi o‘tkazilib, mudofaa vaziri, general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov delegatlarning ovoz berishi natijasida mazkur federatsiya raisligiga saylandi.
Konferensiya davomida davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “O‘q otish sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni ta’minlash Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston suzish federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasida ham yana uch yildan keyin bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlariga hozirlik masalalari tahlil qilindi.
Mamlakatimizda barpo etilgan suv havzalaridan samarali foydalanish, iqtidorli sportchilarni saralash, xalqaro tajribaga ega bo‘lgan chet ellik mutaxassislarni jalb etish, ularning tajribasini o‘rganish xususida so‘z bordi.
Bildirilgan fikrlar asosida delegatlarning taklifi va ovoz berishi natijasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov federatsiya rahbarligiga saylandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA