Davlatimiz rahbarining 2024 yil 10 iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2025 yil 1 yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda tergov sudyalari ish boshlaydi.
Bu borada tergov sudyalari nimalarni bilishlari zarur? Toshkent shahar sudida Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy maktabi tomonidan o‘tkazilgan seminarda shu haqda gap bordi.
Sudyalar, prokuratura, ichki ishlar organlarining tergovchi va surishtiruvchilari, poytaxt bojxona, soliq boshqarmalari ma’muriy amaliyot xodimlari, advokatlar va boshqa daxldor tashkilotlar vakillari ishtirok etgan seminarda Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari tomonidan tergov sudyasi instituti joriy etilishi doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, Oliy sud tomonidan farmon ijrosini samarali tashkil qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilgan. Tergov sudyasi lavozimi joriy etiladigan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga tegishli shtatlar ajratilib, tergov sudyalari tayinlangan.
Tadbirda tergov sudyalarining vazifalari va asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil tushuntirish berildi. Asosiy maqsad sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishiga erishishdan iborat ekani ta’kidlandi.
Fikr-mulohazalar hamda savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan ochiq muloqotda ishtirokchilar tergov sudyalari faoliyati bilan bog‘liq savollarga batafsil javob oldi.
N.Abduraimova,
O‘zA