Ma’lumki, belgilangan tartibga asosan 2024 yil 1 yanvardan boshlab maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish esa Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.

Pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifasi (lavozim) berish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish pedagog kadrlar tomonidan Davlat xizmatlari markazlariga borgan holda yoki mustaqil ravishda O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud tegishliligi bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.

Xo‘sh, maktabda dars berayotgan pedagog magistraturani tamomlagan bo‘lsa, malaka toifasi uchun attestatsiyadan qay tartibda o‘tadi?

Oliy ta’lim tizimi 5 yillik o‘qish davridan iborat bo‘lgan vaqtda bitirgan pedagoglarning malaka toifasini olish masalasi qanday hal etiladi?

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomiga asosan oldin attestatsiyadan o‘tmagan, ishga yangi qabul qilingan pedagog kadrlar yoki oliy ta’lim tashkilotlarini bitirib birinchi bor ishga kirgan pedagog kadrlarga attestatsiyaga jalb etilgunga qadar quyidagi tartibda malaka toifasi beriladi:

bakalavr darajasiga ega pedagog kadrlarga — mutaxassis lavozimi;

magistr darajasiga ega mutaxassislar, shuningdek, oliy ma’lumot darajasi bo‘yicha akademik darajalar joriy etilgunga qadar olingan oliy ma’lumotli pedagog kadrlarga — ikkinchi malaka toifasi;

fan nomzodi, falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — oliy malaka toifasi.

Bundan anglash mumkinki, magistraturani tamomlagan pedagoglar agar yangi ishga kirayotgan bo‘lsa, ikkinchi malaka toifasi bo‘yicha ishga qabul qilinadi va bu toifa darajasi besh yil muddatga amal qiladi.

Nizomga muvofiq, yuqorida keltirib o‘tilgan pedagoglar attestatsiyadan o‘tkazilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri malaka toifasi (lavozim) sertifikatini olish uchun bevosita davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki pedkadr.uzedu.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qilishi lozim.

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA