2024 yil yakunlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Xalqaro hamjamiyat, turli tashkilot va birlashmalar o‘tayotgan yil sarhisobi, kelgusi mavsum rejalari bilan mashg‘ul. Shunday bir pallada keyingi to‘rt yil uchun Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbarligiga saylanishi mumkin bo‘lgan nomzodlar o‘rtasidagi kurash tobora avj pardaga ko‘tarilmoqda.
XOQning amaldagi rahbari Tomas Baxning o‘rniga da’vogarlar 7 nafar: Xalqaro gimnastika federatsiyasi rahbari, asli yaponiyalik Morinari Vatanabe, tashkilot vitse-prezidenti ispaniyalik kichik Xuan Antonio Samaranch, Buyuk Britaniyadan Jahon yengil atletika federatsiyasi yetakchisi Sebastyan Koe, fransiyalik Xalqaro velosipedchilar ittifoqi rahbari Devid Lapporte, Shvetsiya va Britaniya fuqarosi hisoblangan Xalqaro chang‘i federatsiyasi yetakchisi Yoxan Elias, Zimbabve sport vaziri, suzish bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Kirsti Koventri va Iordaniya shahzodasi Faysal Al-Husayn.
Yaqinda nomzodlarning tegishli hujjatlari, ular tomonidan taklif etilayotgan ish rejalari, maqsadlar jamlanmasi, kelgusi strategik maqsadlarga oid materiallar qo‘mitaga taqdim etildi.
Har bir nomzod yangi innovatsion takliflari, Olimpiada kelajagiga nisbatan mafkurasi va qarashlari bilan boshqalardan ajralib turishga intilmoqda.
Masalan, Vatanabe o‘yinlarning yangi formatini taklif etmoqda. Uning fikricha, yozgi Olimpiada bir vaqtning o‘zida besh qit’ada o‘tkaziladi. Joriy yil oktyabr oyida XGF 85-kongressida uchinchi muddat prezidentlikka qayta saylangan 65 yoshli metsenat o‘z manifestini 2024 yil Parijda o‘tgan Olimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ta’kidlashdan boshlagan bo‘lsa-da, eng nufuzli sport anjumanining hozirgi modeli eskirgani, Olimpiada andozasi “dinozavrlar davri”dan qutula olmayotgani, bunday eski tizimdan voz kechish payti kelganini ta’kidladi. Zero, bugungi kommunikatsiya tarmog‘i, texnologiya taraqqiyoti va yuksalish jarayonida ayni vositalardan foydalanish insoniyatga mislsiz zavq bag‘ishlaydi. Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari kelajagini ta’minlashda insoniyat oldida turgan iqtisodiy va ekologik muammolar, qolaversa o‘ta tezkor zamon shuni taqozo etadi. Kelajakda o‘yinlar besh qit’aning besh shahrida bir vaqtda o‘tishi Olimpiya harakatining yangi to‘lqinini boshlab berishi shubhasiz.
Binobarin, o‘yinlar translyatsiyasi 24 soat davom etadi, besh qit’a bir tomoshada birlashadi, his-hayajon butun dunyo bo‘ylab taqsimlanadi. Buning ustiga mezbon shaharlar xarajati, ekologiya chiqindisi kamayadi.
Vatanabe qishki Olimpiya o‘yinlari uchun ham ayni tizimni qo‘llash foydadan xoli emasligini qo‘shimcha qilgan.
Bir tomondan da’vogarning g‘oyasida jon bordek. Ikkinchi tomondan, dunyo bo‘ylab global o‘zgarishlar yuz berayotgan, turli qarama-qarshilik, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik taranglik kuzatilayotgan, sayyoramiz geosiyosiy evrilishlar ostonasida turgan jarayonda Olimpiya o‘yinlari formatida inqilobiy o‘zgarish yasashning iloji bormikan? Bunday qaltis, ta’bir joiz bo‘lsa, nozik “sinov qil ko‘prigidan o‘tish”ga hamma ko‘narmikan? Buni vaqt ko‘rsatadi.
Agar, ijroiya qo‘mita a’zolari “inqilobchi” tashabbusini qo‘llab, uni Tomas Baxdan qolayotgan “taxt”ga munosib ko‘rsa, Morinari Vatanabe Xalqaro olimpiya qo‘mitasining birinchi osiyolik rahbari bo‘ladi. Eng muhimi, 1894 yildan beri bir “o‘zanda oqayotgan Olimpiada daryosi” vulqondek toshishi ehtimoli ham yo‘q emas.
Bunday global o‘zgarishga Olimpiya o‘yinlarini muayyan “vosita”ga aylantirib olganlar rozi bo‘larmikan?
Xullas bu masala nomzodlarning kelayotgan yil 30 yanvarida taqdim etiladigan hujjatlarini o‘rganib chiqadigan XOQ IQ a’zolari tegishli xulosa chiqargach yechiladi.
Prezidentlik saylovi esa 2025 yil 18-21 mart kunlari tuzilmaning Gretsiyada tashkil etiladigan 144-sessiyasi doirasida o‘tadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA