“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston hududiy filialida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda filial direktori A.Nurimbetov 2024 yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar, foydalanilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar hamda kuz-qish mavsumidagi ishlarni uyushqoqlik bilan o‘tkazish bo‘yicha belgilangan rejalarning bajarilishi yuzasidan ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, filial balansida bugungi kunda uzunligi 22 ming 124,4 kilometrlik 0,4-110 kV. elektr uzatish tarmog‘i, 107 ta podstansiya va 6 ming 400 ta transformator punkti bo‘lib, ular orqali 391 ming 822 ta jismoniy va 22 ming 30 ta yuridik shaxs, jami 413 ming 852 nafar iste’molchi elektr energiyasi bilan ta’minlanib kelmoqda.

 

2024 yilning 11 oyi davomida 1 milliard 809,9 million kVt soat elektr energiyasi qabul qilinib, shundan elektr energiyasini yetkazib berishdagi texnologik xarajatlar 297,6 million kVt soat (16,4%) bo‘lib, foydali uzatilgan elektr energiyasi 1milliard 512,3 million kVt soatni tashkil etdi. Iste’molchilarga jami 1 milliard 522,4 million kVt soat, shundan ulgurji iste’molchilarga 848,3 million kVt soat, aholi xonadonlariga 674,1 million kVt soat elektr energiyasi hisob-kitob qilindi.

2024-2025 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ham bir qator loyihalar amalga oshirildi. Xususan, bugungi kunga 2 ming 414,5 kilometr 0,4-110 kV. elektr uzatish tarmog‘i va 703 dona transformator punktida yirik ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, reja 101 foizga bajarildi. Shuningdek, uzunligi 4 ming 229,7 kilometr 0,4-110 kV. elektr tarmog‘ida va 1 ming 405 ta transformator punktida joriy ta’mirlash ishlari bajarildi.

Tadbirda ishtirokchilar muqobil elektr manbalarini joriy etish, yangi aholi punktlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash, joylardagi transformatorlarning holati va boshqa masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri