O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Maktabgacha va maktab ta’limi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi, uning maqsadi va asosiy vazifalari;
uzluksiz kasbiy rivojlantirishning turlari va ularni tashkil etish tartibi;
uzluksiz kasbiy rivojlantirish sifatini baholash va nazorat qilish tartibi belgilab berilgan.
Ma’lumot uchun:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024 yil 21 iyundagi PQ-231-son qarorida:
a) maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning yaxlit tizimi joriy qilinishi;
b) Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkazilishi;
v) 2025 yil 1 yanvardan boshlab:
maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishning vertikal tizimi (vazirlik – malaka oshirish muassasasi – ta’lim tashkiloti) yo‘lga qo‘yilishi;
maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarining xodimlari uchun besh yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda o‘tkaziladigan malaka oshirish kurslari joriy qilinishi belgilangan edi.
O‘zA