Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi va tadbirkorlar bilan muloqot davom etmoqda.

Dunyodagi 10 ta eng boy kompaniyaning 7 tasi IT va fintex sohalaridan chiqqan. Aholimizning 56 foizi yoshlar. Prezident ta’kidlaganidek, shu raqamlarni o‘zi sohada katta salohiyat, ish o‘rni, yuqori daromad yotganini ko‘rsatadi.

IT, fintex, innovatsiyalar, telekommunikatsiya kabi sohalarni xususiy korxonalar tez rivojlantirishi, yaratilgan sharoit tufayli qiymati 1 milliard dollardan oshgan “TBC Uzbekistan” va “Uzum” xususiy kompaniyalari paydo bo‘lgani bunga yaqqol misol ekani ta’kidlandi.

Bunday kompaniyalar ko‘payishi uchun yanada keng sharoitlar yaratiladi.

Xususan, ularga rivojlanish va tadqiqot markazlari (R&D) uchun laboratoriya jihozlari, texnologik uskunalarni bojsiz olib kelishga ruxsat beriladi.

IT, fintex, tadbirkorlikni moliyalashtirish, eksport, turizm, xizmatlar, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish kabi dolzarb masalalar bo‘yicha Jamoatchilik kengashida ekspertlik guruhlarini tashkil qilish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Oxirgi uch yilda Bojxona kodeksining 100 dan ortiq moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Lekin uning qoidalari ham Jahon savdo tashkiloti, ham tadbirkorlarning talabiga mos emas. Shu  munosabat bilan har tomonlama yangilangan Bojxona kodeksi loyihasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

O‘zA