Bugun, 19 dekabr kuni erta tongda Monte-Karloda o‘tkazilgan professional boks oqshomida g‘alabaga erishgan bokschimiz Murodjon Ahmadaliyev Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Meksikalik Rikardo Espinosa Frankoga qarshi bahs olib borib, uni 3-raundda nokautga uchratgan professional bokschimiz Murodjon Ahmadaliyev ushbu jang orqali WBA Interim kamari sohibiga aylandi.
Professional boksning eng yengil vazn toifasida WBA va IBF yo‘nalishlari bo‘yicha sobiq jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyevni kutib olish marosimida O‘zbekiston boks federatsiyasi mutasaddilari, tajribali murabbiylar Rahmatjon Ro‘zioxunov, Elshod Rasulov, Olimpiya o‘yinlarining ikki karra g‘olibi Bahodir Jalolov, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Kutib olish jarayonida Murodjon jurnalistlarga bergan intervyusida navbatdagi jangini yaponiyalik mutlaq jahon chempioni Naoya Inouega qarshi o‘tkazishini aytib o‘tdi.
– Keyingi jangim Inoue bilan bo‘lishi yo‘lida harakat qilyapmiz. Uni ikki marotaba jangga chorlagandik, ammo u boshqa raqiblarni tanladi. Buning uchun ozgina vaqt kerak bo‘lyapti. Yaponiyalik bokschi kelgusi yilning yanvar oyida avstraliyalik Sem Gudman bilan jang o‘tkazishi lozim edi. Biroq hozirda Gudmanning jarohati sabab ushbu to‘qnashuv yuz bermasligi kutilmoqda. Vaziyat shu tarzda davom etsa, Naoya Inouening biz bilan jang o‘tkazishdan boshqa chorasi qolmaydi, nazarimda, – dedi Murodjon Ahmadaliyev.
Aytish lozim, hozirgi paytda The Ring reytingida yaponiyalik bokschi 1-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, hamyurtimiz Ahmadaliyev 2-pog‘onani band etgan. Avstraliyalik Sem Gudman 3-o‘rinda qayd etilgan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA