Toshkentda “Muhim xomashyo sektoridagi xavf-xatarlarni yumshatish, Markaziy Osiyoda “yashil” manbalarga o‘tish va o‘sishni rag‘batlantirish” mavzusida nufuzli tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov, BMTning Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokistondagi mintaqaviy vakili Oliver Shtolpe, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Turkmaniston vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi Markaziy Osiyoda muhim xomashyo resurslaridan samarali foydalanish, mintaqadagi ekologiyani muhofaza qilish hamda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarini jadallashtirish yo‘llarini muhokama qilishdan iborat.
Ta’kidlandiki, mintaqada “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini tatbiq qilish nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlaydi, balki yangi ish o‘rinlari yaratish hamda xalqaro investitsiyalarni jalb etish uchun mustahkam asos yaratadi.
Maslahatlashuvlar davomida mintaqaviy hamkorlik, ekologik xavf-xatarlarni bartaraf etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish masalalari muhokama qilindi. Tadbirda xomashyo resurslari sohasidagi tashabbuslar, Markaziy Osiyodagi imkoniyatlar, ekologik barqarorlik va ijtimoiy xavflarni kamaytirish yo‘nalishidagi amaliy qadamlar hamda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonidagi tajribalar o‘rganildi.
Tadbirda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, ekologik standartlarga rioya qilish va “yashil” texnologiyalarni joriy etishdagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, ekologik toza texnologiyalarning taraqqiyotiga qaratiladigan resurslar va investitsiyalarni jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA