Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Saudiya Arabistoniga tashrifi doirasida UNDESA rahbari – BMTning Bosh kotibi o‘rinbosari Li Szyanxua bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Li Szyanxua mamlakatimizda elektron hukumat sohasining rivojlanish holati va bu borada BMTning elektron hukumat rivojlanishi reytingida O‘zbekiston o‘rnini oshirish, 2030 yilga qadar TOP-30 davlatlar qatoriga kiritish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.

O‘zbekiston joriy yilda Elektron hukumat reytingida 6 pog‘onaga yuqoriladi. Indeksning juda baland (Very High EGDI) guruhiga qo‘shilgani, avvalgi reytingda 18 pog‘onaga ko‘tarilib, umumiy 24 pog‘onaga ko‘tarilgani alohida ta’kidlab o‘tildi.

Uchrashuvda Samarqandda o‘tkaziladigan BMTning Davlat xizmatlari forumiga tayyorgarlik ishlari, forum mavzusi va asosiy ma’ruzachilar bo‘yicha fikr almashildi.

Bundan tashqari, AKT infratuzilmasini takomillashtirish, elektron hukumat reytingida O‘zbekistonning o‘rnini yanada yaxshilash hamda uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Shu bilan birga, raqamli transformatsiya orqali barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston BMT bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy etish hamda barqaror, inklyuziv va raqamli rivojlanishga erishish bo‘yicha birgalikda yanada faol harakat qilishga kelishildi.

N.Rahmonova, O‘zA