Senat yalpi majlisida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Senat oldiga qo‘ygan dolzarb vazifalar ijrosi bo‘yicha qilinadigan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
– E’tibor berishimiz lozim bo‘lgan jihat – Senat faqat nazorat bilan shug‘ullanmaydi, – dedi Senat raisi T.Norboyeva. – Hududiy vakillik palatasi sifatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosini ta’minlashga ko‘maklashadi. Hudud va respublikadagi mas’ullarning o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirib boradi. Qo‘yilayotgan vazifalar ijrosi bevosita mahalliy kengashlar bilan uzviy hamkorlikda amalga oshiriladi. Bu yo‘nalishdagi ishlar sifat va samaradorlik nuqtai nazaridan yangi bosqichga olib chiqiladi.
Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosi, eng avvalo, mahalliy kengash deputatlarining mahalla va sektorlar bilan o‘zaro hamkorligiga bog‘liq.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasi ham tayyorlandi. Bu ham mahalliy kengashlar faoliyatini davr ruhiga mos tarzda takomillashtirishda muhim strategik hujjat bo‘ladi.
Umuman olganda, Harakatlar dasturi doirasida mahalliy kengashlar bilan hamkorligimizning yangi va yanada mas’uliyatli davri boshlandi.
“Xalqaro aloqalarni yanada faollashtirish, parlamentlararo hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish lozim. So‘nggi yillarda mamlakatimizning xalqaro maydonda ochiq, pragmatik va do‘stona munosabatlari yo‘lga qo‘yilgani natijasida tashqi savdo aylanmasi, xorijiy investitsiya hajmlari yuqori sur’atlarda oshib bormoqda. Keyingi 7 yilda tashqi savdo aylanmasi ikki barobardan ziyod ko‘paydi (27 milliard dollardan 62,6 milliard dollargacha). Bu yo‘nalishda Senat xorijiy davlatlar parlamentlari bilan hamkorlikda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi ustidan parlament nazorati olib borilmoqda. Ayniqsa, kelishuvlarning tegishli hudud, soha va tarmoqlarda o‘z vaqtida, sifatli bajarilishini ta’minlab boramiz. Qolaversa, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar ko‘lami va natijalarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, muayyan sohalarga investitsiyalarni jalb etish borasida ham xalqaro parlamentlararo hamkorlik vositasidan keng foydalanamiz”, dedi Senat raisi.
Yana bir yo‘nalish – mamlakatimiz rivojlanishining muhim sohalari bo‘yicha parlament huzurida bir qator respublika komissiyalari tashkil etilgan. Jumladan, munosib mehnat sharoitlarini yaratish odam savdosiga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimizning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha zarur choralar ko‘rib borish davom ettiriladi.
O‘zbekiston BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha qator majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan. Parlament hukumat bilan birga olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va ko‘rilayotgan choralar BRM bilan uyg‘un ravishda amalga oshirilishi ta’minlaydi.
Qonuniylikni ta’minlash ham alohida e’tibor qaratiladi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik va parlament nazoratini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘riladi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA