O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ekti sifatida, global darajada faol tashqi siyosatni yo‘lga qo‘yib, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirmoqda.
Bugun Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armaning yurtimizdagi vakolatxonasi bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirda Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining Davlat boshqaruvi akademiyalari rahbarlari, AQSH, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Eron Islom Respublikasi kabi davlatlarning xorijiy ekspertlari va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash Oliy maktabi, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Strategik islohotlar agentligi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, oliy ta’lim muassasalari mas’ullari, DBA professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari va tinglovchilari ishtirok etdi.
Ta’kidlash joiz, davlatimiz rahbarining bevosita say’-harakatlari tufayli Markaziy Osiyo mintaqasida siyosiy muloqot va o‘zaro ishonch mustahkamlandi, mintaqa mamlakatlari yetakchilarining Maslahatlashuv uchrashuvlari yo‘lga qo‘yildi. Butun dunyoda «5+» shakldagi muloqot formatlari ko‘paydi. Bu esa ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilganini, endilikda mintaqaga jahon hamjamiyatining qiziqishi ortayotganligidan dalolat bermoqda.
Davra suhbatining asosiy e’tibori “O‘zbekiston – 2030 strategiyasi”ning “Xavfsiz va tinchliksevar davlat tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish” deb nomlangan 5-ustuvor yo‘nalishidan kelib chiqadigan vazifalar, shuningdek, Prezidentimizning “2022-2026 – yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi muhim vazifalarga qaratildi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyodagi integratsion jarayonlar, ayniqsa, mintaqada tinchlik va barqarorlikni o‘rnatishda O‘zbekiston omilini ilmiy va siyosiy tahlil etish, erishilgan natijalar va istiqbolli rejalarni davlat boshqaruvi bilan bog‘liq holda muhokama qilish, shuningdek, mutaxassislarning mavzuga oid qarashlaridan va tahliliy ma’lumotlardan kelib chiqib takliflar ishlab chiqish maqsad qilib olindi.
Musulmon Ziyo, Oybek Pardayev (surat), O‘zA