Bu haqda Prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ta’kidlandi.
Kambag‘al oiladagi 460 ming odam tibbiy yordamga, 6 mingta oila esa uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj.
Shu bois 2025 yilda muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga qo‘shimcha 185 milliard so‘m ajratiladi. “Ijtimoiy daftarlar” mablag‘i faqat kambag‘al oilalarni yashash sharoitini yaxshilash, tibbiyot, ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish va daromadini oshirishga sarflanadi. Adolat bo‘lishi uchun, endilikda bu mablag‘lar tumandagi kambag‘allar soniga qarab taqsimlanadi.
Ijtimoiy daftarlar mablag‘ining 30 foizini tuman hokimlariga “Inson” markazlari bilan mahalladagi uy-joy, yo‘l, suv va elektrni yaxshilash uchun ishlatishga ruxsat beriladi.
Yana bir masala – hozirda 400 ta ko‘p qavatli ijtimoiy uyda 25 ming aholi istiqomat qiladi. Lekin ular yaqin qarindoshlari va odatiy yashash sharoitidan ancha uzoqlashib qolayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan ehtiyojmand aholini bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirishdan voz kechiladi. Ularga o‘zini mahallasiga yaqin joydagi uyni ijaraga olishga ruxsat beriladi, xarajati qoplab beriladi.
Ijtimoiy himoya agentligi direktori M.Olloyorovga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.
O‘zA