Bahrayn poytaxti Manama shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida davom etayotgan Jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchi ikkita medalga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Muhammadqodir Toshtemirov -81 kilogramm vazn toifasi “A” guruh bellashuvlarida vatanimiz sharafini himoya qildi.
Dunyoning eng kuchli og‘ir atletikachilari bilan kurash olib borgan hamyurtimiz Muhammadqodir Toshtemirov dast ko‘tarishda 165 kilo toshni bo‘ysundirib, kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, umumiy hisobda 355 kilogramm natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Jahon chempionatining kumush va bronza medallariga ega chiqqan mahoratli og‘ir atletikachimiz sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i yuksaldi.
Aytish lozim, jahon chempionatida Yevropa davlatlaridan 168 nafar, Amerika qit’asidan 125, Afrika mamlakatlaridan 38, Okeaniya mintaqasidan 5 nafar og‘ir atletikachi ishtirok etmoqda.
Og‘ir atletika bo‘yicha yilning eng so‘nggi nufuzli musobaqasi bo‘lgan mazkur dunyo birinchiligining keyingi kunlarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Sarvarbek Zafarjonov -89 kilogrammda, Sharofiddin Amriddinov va Ruslan Nuriddinov -109 kilo og‘irlikda, Tursunoy Jabborova ayollar o‘rtasida -87 kilogramm vaznda o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.
Bahslar 15 dekabrga qadar davom etadi
T.Ro‘ziyev,
O‘zA