Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishning ahamiyatini, uning ta’lim sohasidagi salbiy ta’sirini va uning tarqalishini oldini olish uchun yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishning muhimligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda har bir shaxsning javobgarligini va mas’uliyatini ko‘rsatib, yoshlarning huquqiy va axloqiy qadriyatlariga asoslangan harakatini rag‘batlantirish zarurligi qayd etildi.

Tadbirda 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Antikorrupsiya haftaligi” doirasida o‘tkazilgan bir qator tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Jumladan, “Korrupsiyadan holi ta’lim muassasasi” mavzusidagi “Eng yaxshi videoroliklar tanlovi”, “Yoshlar korrupsiyaga yo‘q deydi” mavzusidagi “Eng yaxshi rasmlar tanlovi”, “Korrupsiyasiz soha” mavzusidagi “Eng yaxshi insholar tanlovi”, “Antikorrupsiya bilimdoni” mavzusidagi bilimlar bellashuvi va “Zakovat” intellektual o‘yinlarida jamoaviy va yakka tarzda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallaganlarga diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirning o‘tkazilishi talabalarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilim va hushyorligini oshirishga, shuningdek, ularning ijodiy faoliyatini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri