Xitoyning Usi shahridagi «World Taekwondo Center Stadium» majmuasida taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan «Katta dubulg‘a» saralash musobaqasining so‘nggi kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Aniqroq aytganda, musobaqaning so‘nggi kunida milliy terma jamoamizning to‘rt nafar vakili — Omonjon Otajonov (58 kg), Jasurbek Jaysunov (80 kg), Mavlonbek To‘xtasinboyev (80 kg) va Gulsanam Alijonova (+67 kg) bahslarda qatnashdi. Quvonarlisi, og‘ir vazn toifasida ishtirok etgan «Parij-2024» XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Jasurbek Jaysunov turli bosqichlardagi raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, musobaqa finaliga yetib bordi. Hal qiluvchi jangda Jasurbek Xitoy vakili Jao Junbo bilan to‘qnash keldi va ushbu bellashuv 2:0 hisobida taekvondochimiz foydasiga yakunlandi.
Natijada, Jasurbek Jaysunov saralash chempioni sifatida «Katta dubulg‘a» asosiy turniriga yo‘llanma qo‘lga kiritdi.
Qayd etish joizki, musobaqaning birinchi kunida Shuhrat Salayev (+80 kg) kumush medalni qo‘lga kiritib, «Katta dubulg‘a»ning asosiy bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA