Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan “Mahalliy Kengash va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligini yanada rivojlantirish” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.

“Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hududiy bo‘linmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda deputatlar, vazirliklar, idoralar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Sh.O‘temisov  va boshqa so‘zga chiqqanlarning ta’kidlaganidek, bugungi kunda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida demokratik o‘zgarishlarni, islohotlarni amalga oshirishda, qabul qilinayotgan dasturlar ijrosini ta’minlashda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining roli va ahamiyatini, ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda.

Nodavlat notijorat tashkilotlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni barcha sohalarda yanada jadallashtirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, sog‘liqni saqlashni mustahkamlash, ekologik muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish, yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash hamda fuqarolarning tibbiy, huquqiy bilimlarini oshirish va boshqa bir qator ezgu ishlarda faol ishtirok etmoqda.

Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, uning institutlarini davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va ahamiyatini tubdan oshirish sohasida tashkiliy-huquqiy asoslar hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari takomillashtirildi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalarni amalga oshirish Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining ustuvor institutlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam poydevor bo‘lmoqda.

Jamoatchilik nazorati va jamoatchilik fikrini o‘rganishda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Shu nuqtai nazardan “Fuqarolik jamiyati haftaligi” islohotlar jarayonlarining barcha ishtirokchilari uchun konstruktiv muloqot maydoni bo‘lib, ularning faoliyatini birlashtirishga, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga xizmat qilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari bu borada o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri