So‘nggi yillarda aholini inson sog‘ligiga zarar yetkazmaydigan sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shunga qaramasdan, qalbaki mahsulotlarni ishlab chiqarish holatlari afsuski, uchrab turibdi.
Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar bo‘limi tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning qarorlariga asosan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan olib qo‘yilgan jami 5 ming 443 ta qo‘lbola usulda ishlangan alkogol mahsuloti, 7 ming 925 ta “Qaratau” yozuvi tushirilgan etiketka va 292 ta tamaki mahsulotini yo‘q qilish belgilangan.
Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va Nukus shahar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari natijasida yo‘q qilinishi belgilangan alkogol, tamaki va boshqa mahsulotlar tegishli idoralar xodimlari ishtirokida yo‘q qilinib, sud qarorlari ijrosi amalda ta’minlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri