Joriy yilning 28-29 noyabr kunlari Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotida Biologik qurollarni taqiqlash konvensiyasi doirasida mintaqaviy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Bu haqda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi, milliy koordinator Otabek Qosimov quyidagilarni ma’lum qildi:

– Ushbu tadbirda dunyoning turli mamlakatlaridan 100 dan ortiq mutaxassislar qatnashdi. O‘zbekiston nomidan men Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi va konvensiyaning milliy koordinatori sifatida qatnashdim.

O‘zbekiston Respublikasi 1995 yil 22 dekabrdagi 185-I-sonli qarorga muvofiq, Bakteriologik (biologik) va toksik qurollarni ishlab chiqish, tayyorlash va saqlashni taqiqlash hamda ularni tugatish to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgan.

Jenevadagi uchrashuvda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qurolsizlanish departamenti vakillari O‘zbekiston va yana ikkita davlatga BMTning rasmiy veb-saytida faoliyat boshlagan onlayn o‘quv modulini ishlab chiqishdagi hissasi uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

Taqdim etilgan o‘quv platformasi yettita moduldan iborat bo‘lib, konvensiyaga a’zo davlatlarning milliy koordinatorlarini tayyorlash va malakasini oshirishga yo‘naltirilgan. O‘quv jarayonida dunyoning sakkizta mintaqasidan, jumladan, O‘zbekiston, Botsvana, Ekvador, Vengriya, Laos va Qatar kabi davlatlarning koordinatorlari ishtirokidagi videodarslar namoyish qilindi. Bu jarayon o‘quvni amaliy va interaktiv qilishga qaratilgan.

Uchrashuv davomida 2025 yilning ikkinchi yarmida navbatdagi mintaqaviy uchrashuvni O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi bildirildi. Bu taklif amaliy jihatdan katta ahamiyatga ega bo‘lib, biologik xavfsizlik sohasida mamlakatimiz va BMT o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, bu tadbir O‘zbekistonning xalqaro maydonda ishonchli hamkor sifatidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi. Mamlakatimizning ushbu yo‘nalishdagi ishtiroki nafaqat milliy xavfsizlik, balki global biologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.

O‘zA muxbiri  

Nasiba Ziyodullayeava  

yozib oldi.