O‘zbekiston va Xitoyni qadimgi Ipak yo‘li bo‘ylab uzviy tarixiy rishtalar bog‘lab turadi. Madaniyatlar, an’analar, mentalitet va qadriyatlarning o‘xshashligi ham birlashtiradi.

Poytaxtimizda Xitoy Xalq Respublikasining turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etildi. Mazkur forum O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Xitoyda targ‘ib qilish va O‘zbekiston – Xitoy turizm sanoati vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bag‘ishlandi.

Qayd etilishicha, joriy yil 18 dekabrdan boshlab Toshkent va Xaynan shaharlari o‘rtasida muntazam aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi.

Forum davomida O‘zbekiston va Xitoy tomonlari vakillari o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar tomonidan turizm sohasining bugungi holati muhokama qilindi. O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari o‘rganib chiqildi,  O‘zbekiston va Xitoy sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida bir qator shartnoma va anglashuv memorandumlari imzolandi.

– Joriy yilning 10 oyligida Xitoy Xalq Respublikasidan O‘zbekistonga 60 mingga yaqin turist tashrif buyurgan, – deydi Xaynan turizm yo‘nalishi rahbari Liu Fangxu. – Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich yanada ortishi kutilmoqda. Bunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida turizm sohasida yo‘lga qo‘yilayotgan ikki tomonlama munosabatlar ham alohida o‘rin tutadi. Xitoyda yurtingizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va go‘zal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida bo‘lganlar soni ortib borayotganini qayd etishim lozim. Bu esa ikki tomonlama sayyohlar almashinuvida manfaatlidir.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida savdo, iqtisodiy, turizm va boshqa yo‘nalishlarda ikki tomonlama aloqalar mustahkamlanib bormoqda. Ushbu uchrashuvlardan asosiy maqsad ikki tomon tadbirkorlik sub’ektlarini tanishtirish hamda mamlakatimizga Xitoydan sayyohlar oqimini oshirishdir.

O‘zbekiston-Xitoy sayyohlik biznes-forumi ikki davlat vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Forum ishtirokchilarga hamkorlik va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlarni o‘rganish uchun platforma taqdim etdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston turizm industriyasining yuksalishi va rivojlanishiga, mamlakatimizning jahon turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA