Germaniya Federativ Respublikasiga ishchi tashrifi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov bugun Gamburg shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Germaniya Iqtisodiy palatasi rasmiy ochilishi marosimi va birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Uchrashuvda GFRning yashil energetika, oziq-ovqat sanoati, logistika va ta’lim sohalarida faoliyat yurituvchi yetakchi biznes vakillari ishtirok etib, 20 dan ziyod nemis kompaniyasi palataga a’zo bo‘lish istagini bildird. Bu mezbonlarning O‘zbekiston bilan qo‘shma loyihalarga jiddiy qiziqishidan dalolat.

Tadbir doirasida qator yangi tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, 2025 yil yanvarda yurtimizda tashqi mehnat migratsiyasi forumi tashkil qilib, anjuman doirasida nemis tilini yaxshi biladigan o‘zbek mutaxassislarini Germaniyada mehnat faoliyati olib borish va amaliyot o‘tashga jalb qilish ko‘zda tutilgan. Forum kadrlar tayyorlash va kasbiy mahoratni oshirish sohasidagi hamkorlikni ta’minlashda muhim qadam bo‘lishi kutilyapti.

Kelasi yil Gamburgda Navro‘z bayramini keng nishonlash rejalashtirildi. Tashkil etilishida O‘zbekiston-Germaniya iqtisodiy palatasi ham faol qatnashadigan mazkur tadbir O‘zbekistonning madaniyati, an’analari va turizm salohiyatini ushbu davlatda targ‘ib qilishga qaratilgan.

Yangi tashkil etilgan tuzilma ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek ishbilarmon doiralar o‘zaro manfaatini ilgari surish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi.