O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Ta’lim sohasida xususiy sektor ishtirokini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hujjatni imzoladi.
Unga muvofiq, 2025 yil 1 yanvardan boshlab:
nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan pedagogik faoliyatni doimiy asosda amalga oshirish uchun jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga “A-2” o‘qituvchilar kirish vizalarini berish yo‘lga qo‘yiladi;
davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan xorijdan jalb qilingan mutaxassislarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berishda undiriladigan yig‘im miqdori bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan bir baravarigacha kamaytiriladi;
nodavlat maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining rahbar va pedagog xodimlari malakasini oshirishni A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti, pedagogik mahorat markazlari hamda belgilangan tartibda shakllantiriladigan reyestrga kiritilgan nodavlat malaka oshirish tashkilotlarida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirish tartibi joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 iyuldagi “Toshkent shahrida davlat va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va shahar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha huquqiy eksperimentni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-236-son qarorining 5-bandi “g” kichik bandida belgilangan to‘lovlar (muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasini yaratish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun to‘lov) nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini qurish loyihalariga tatbiq etilmaydi.
O‘zA