O‘zbekistonning Afg‘onistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Oybek Usmonov Tolibon muvaqqat hukumati tashqi siyosat idorasi rahbari Mavlaviy Amirxon Muttaqiyga ishonch yorlig‘i nusxasini topshirdi. Bu haqda qo‘shni davlat TIV xabar bergan.
Muttaqiy respublikamizning yangi tayinlangan elchisini qutlarkan, har ikki mamlakat poytaxtida elchixonalar faol ish olib borayotganini o‘zaro munosabat taraqqiyotini belgilovchi ijobiy ko‘rsatkichi sifatida baholadi. Shuningdek, ayni payt yirik iqtisodiy tashabbuslarni amalga oshirish yo‘lida tomonlar samarali qadam tashlayotganini ta’kidladi.
Elchimiz O.Usmonov o‘zaro munosabat qardoshlik xususiyatiga egaligini qayd etib, faoliyati davomida mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lida bor kuchini ishga solishga va’da berdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy Afg‘onistonning yurtimizdagi elchisi Abdul G‘affor Teraviy O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorlig‘i nusxasini topshirgan edi.
O‘tkir Alimov, O‘zA