Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotning yangi hisobotiga ko‘ra, bachadon bo‘yni saratoni dunyo bo‘yicha yiliga 350 ming nafardan ortiq ayolning o‘limiga sabab bo‘lmoqda.

Vaholanki, mazkur patologiya – butunlay oldini olish mumkin bo‘lgan onkologik kasallik. Buning uchun uni erta aniqlash, tashxislash zarur. Shu tariqa kasallanish va o‘lim holatlarining oldini olishga erishish mumkin.

Ayni sababdan JSSTning bachadon bo‘yni saratonini bartaraf qilishni tezlashtirish bo‘yicha global strategiyasida 9-14 yoshdagi qizlarni odam papilloma virusiga qarshi emlash tavsiya etilgan.

Qolaversa, ushbu xastalikni erta bosqichda aniqlash imkonini beruvchi diagnostika vositalari, samarali muolaja kurslari allaqachon tibbiy amaliyotda qo‘llanilmoqda.

Biroq ba’zi o‘rta va past daromadga ega mamlakatlarda bu imkoniyatlar chegaralangan. Oqibatda ularda ushbu patologiyadan o‘lim ko‘rsatkichi 94 foizga yetgani achinarlidir.

JSSTning tegishli strategiyasiga ko‘ra, 2030 yilga borib quyidagi uchta global maqsadni to‘liq amalga oshirish belgilangan:

Qizlarning 90 foizini odam papilloma virusiga qarshi to‘liq emlash.

Ayollarning 70 foizini o‘z vaqtida skrining tekshiruvidan o‘tkazishni ta’minlash.

Saratonoldi holatlar aniqlangan ayollarni davolash qamrovini 90 foizga yetkazish.

Shundan kelib chiqib, JSST hukumatlarni emlash qamrovini oshirish va soddalashtirilgan skrining dasturlarini yaratishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yildan boshlab milliy emlash kalendariga bachadon bo‘yni saratoniga qarshi qo‘llaniluvchi OPV vaksinasi kiritilgan bo‘lib, har yili 9 yoshli 350 ming nafardan ortiq qizlar ushbu kasallikka qarshi emlanmoqda.

O‘zA